Biz soliq funksiyalarini qisqacha ko‘rib chiqishimiz soliqlar moliya resurslarini tiklash, xo‘jalik faoliyatini tartibga solish va daromadlarni ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlar uchun qayta taqsimlash bo‘yicha muhim vazifalarni bajaradi deb xulosa chiqarishimiz uchun imkon beradi.
Soliqlar iqtisodiyotning tarixiy rivojlanishi bosqichlarida ushbu rivojlanish jarayonlarini ta’minlash maqsadiga bo‘ysunuvchi vazifalarni bajaradi. Soliqlarning funksiyalari esa ana shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi. Demak, soliqlarning funksiyalari, vazifalari bajarilishidan kelib chiqadimi yoki soliqlarning vazifalari funksiyalarining mavjudligidan kelib chiqib bajariladimi kabi aniqlash lozim bo‘lgan muammolar mavjud. Shunday ekan soliqlarning funksiyalari va vazifalari o‘rtasidagi aniq farqli jihatlarni o‘rganish va soliq munosabatlarini tashkil etish mobaynida bu chegaralarni asoslash muammosi mavjudligini qayd etib o‘tish lozim.
Soliqlar bajaradigan vazifalar ko‘pchilik mamlakatlarning soliq qonunchiligida umumiy o‘xshashliklarga ega. Ana shunday an’anaviy soliq vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
1. Umumdavlat vazifalarini hal qilish uchun davlatga zaruriy moliyaviy resurslar ta’minlab berish. Soliqlarning fiskallik funksiyasi ushbu vazifani hal qilish maqsadlariga xizmat qiladi. Bu vazifani hal qilish davlatning iqtisodiyotga qay darajada aralashuviga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, soliqlarning fiskallik funksiyasi shunchalik faol bo‘ladi. Ammo soliqlarning ushbu vazifasi faqat iqtisodiy jarayonlarni qamrab olmaydi, balki davlatning noishlab chiqarish xarajatlari ko‘payishi ham davlatning ortiqcha moliyaviy resurslarga muhtojligini keltirib chiqaradi.
2. Mamlakat iqtisodiyotida qulay investitsiya muhitini yaratishga ko‘maklashish. O‘zbekiston Respublikasida soliqlarning ushbu vazifasini bajarishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, hozirgi kunda sarmoyalarning asosiy qismi savdo va xizmatlar sohasiga yo‘naltirilayotganligi tashvishli holdir. Buning asosiy sababi foyda normasining bu sohalarda kattaligidir. Soliqlar sarmoyalarni bevosita mahsulot ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirishning qudratli vositasi bo‘lishi kerak.
3. Aholining mehnat faolligini rag‘batlantirish. Soliqlar deyarli barcha mamlakatlarda ushbu vazifani bajaradi. Shunki ular aholi daromadlarini tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi. Daromadlardan olinadigan soliq stavkalarining eng yuqori chegarasini sezilarli darajada pasaytirish ishchi kuchining taklifi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olishi mumkin. 70—80 yillarda Shvetsiyada soliq stavkalarini aholi daromadlariga progressiv ravishda qo‘llash malakali ishchilarning boshqa mamlakatlar tomon migratsiyasiga olib kelgan.
4. Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida daromadlarni taqsimlashning samaradorlik va adolat prinsiplari o‘rtasidagi muvofiqlikka erishish. Amaldagi soliqlarga barqarorlik va moslanuvchan soliq stavkalarining xosligi soliqlarning uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirishga zamin yaratadi. Milliy va xorijiy investorlar kapital qo‘yilmalarini amalga oshirar ekan, ular o‘zlarining soliq majburiyatlarini aniq bilishi kerak. Soliq turlari va stavkalari barqaror va tez-tez o‘zgarmaydigan bo‘lishi kerak. Soliq tizimiga mustahkam ishonch bo‘lmagan taqdirda uzoq muddatli investitsiyalarning harakati susayadi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, soliqlarning budjetga ijobiy ta’siridan tashqari, muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sohasida ham ulardan faol foydalanish mumkin. Narx-navoning isloh qilinishi, tashqi savdoning erkinlashtirilishi, mehnat bozorining isloh qilinishi va hokazolar yangi paydo bo‘lgan tijorat tuzilmalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zaruratini yuzaga keltiradi. Bu vazifani soliq stavkalarini tabaqalashtirish yo‘li orqali hal etish mumkin.
Shunday qilib, soliqlarning vazifalari ularni amalga oshirish muddatiga qarab, qisqa muddatli, o‘rta va uzoq muddatli vazifalarga bo‘linadi. Bu vazifalar mazmuniga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Soliqlar nafaqat davlat budjetining tushumlariga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga balki davlat daromadlarini budjetning o‘rta muddatli rejada hayotiyligini yaxshilash maqsadida moslashuvchanligini amalga oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.
1.5. Soliqqa tortish tamoyillari.
Soliq solish tamoyillari soliq munosabatlarini amaliyotda tashkil etish, soliq solish, uni undirish amaliyotining mazmunini ochib beradi5. Soliq solish tamoyillarini A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor asoslab bergan va unda:
– davlat fuqarolari davlat xarajatlarini qoplashda o‘zlari hukumat muhofazasida foydalanayotgan daromadlariga muvofiq tarzda qatnashishlari lozim.
– har bir odam to‘laydigan soliq aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, bunda o‘zboshimchalik ketmaydi. Soliq miqdori, to‘lanadigan vaqti va tartibi uni to‘lovchiga ham, boshqa har qanday odamga ham birday aniq va ma’lum bo‘lishi zarur.
– har bir soliq to‘lovchiga har jihatdan qulay bo‘lgan vaqtda va tartibda undirilishi kerak.
– har bir soliq shunday tarzda o‘rnatilishi kerakki, bunda soliq to‘lovchining hamyonidan ketadigan pul davlat budjetiga kelib tushadigan mablag‘ga nisbatan ortiq bo‘lishiga mumkin qadar yo‘l qo‘yilmasin, deb ta’kidlab o‘tilgan.
Hozirgi sharoitga tatbiqan olganda, soliq solish tizimining quyidagi tamoyillarini keltirib o‘tish mumkin:
Soliq solishning yetarlilik tamoyili. Soliq solishning yetarlilik tamoyiliga muvofiq soliq solish darajasi shunday bo‘lishi lozimki, u davlat intilayotgan xalq xo‘jaligi samaradorligiga erishishni kafolatlay olsin. Soliqqa tortish tizimi iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, mudofaa qobiliyati va boshqa sohalardagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliya resurslari to‘planishini ta’minlashi lozim. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, soliq stavkalari soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanmaydi, chunki soliq to‘lovchi soliq to‘lar ekan, davlat tomonidan bepul xizmatlardan bahramand bo‘lgani holda ayni chog‘da o‘zining ba’zi xarajatlarini qisqartiradi. Umuman olganda, yetarlilik tamoyili soliq siyosatini belgilayotganda uni davlatning qabul qilingan ijtimoiy-iqtisodiy siyosati bilan qat’iy ravishda uyg‘unlashtirishni taqozo etadi.
Soliq solishning tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish tamoyili. Soliq tizimi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ishlab chiqarishini rivojlantirish, uskunalar va zamonaviy texnologiyalar sotib olish uchun mablag» yo‘naltirish, ya’ni kapital jamg‘arish va shu yo‘l bilan texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi lozim.
Soliq solishning iqtisodiy omillarga ta’siri ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi, ya’ni qiyosiy oqibat va daromad oqibati shaklida ifodalanadi. Qiyosiy oqibat mehnat natijalari, jamg‘arish, investitsiyalash, yangi g‘oyalarni joriy etish va ishlab chiqarish faoliyatining boshqa xil ko‘rinishlari bilan shug‘ullanish uchun nisbatan kamroq darajada rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, progressiv (oshib boruvchi) soliq solishda bunday oqibatning rag‘batlantirishga zid ta’siri yaqqol ifodalanadi.
Soliqlarning ta’siri investitsiyalar tarkibida ham yaqqol seziladi. Turli ko‘rinishdagi aktivlar uchun joriy etilgan har xil soliq tartiblari investitsiya imkoniyatlari va sarmoyadorlarning portfeli tarkibida sezilib qoladi. Soliq tizimidagi kamchilik va nuqsonlar iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin, bu hol pirovard natijada davlat budjeti daromadlarining o‘zgarishiga ham ta’sir etmay qolmaydi.
Soliq solishning adolatlilik tamoyili. Soliq solishning adolatlilik tamoyiliga muvofiq, soliqlar jamiyat tomonidan oqilona va adolatli deb tan olingan umumiy ob’yektiv qoidalarga binoan belgilanishi lozim. Adolatlilik tamoyili bir qancha asosiy guruhdagi soliq solish tamoyillariga bo‘linadi. Bularni ikki guruhga bo‘lgan holda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunda gorizontal va vertikal adolatni bir-biridan farqlash lozim. Gorizontal adolat tamoyili daromad olishning turli sharoitlarida soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq solishning taxminan teng shartlarini qo‘llashni ko‘zda tutadi.
Vertikal adolat deganda xo‘jalik yuritishning birmuncha og‘ir sharoitlarida ishlayotgan sub’yektlar uchun soliq solishning bir qadar yumshoqroq shartlarini, yengil daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan sub’yektlar uchun esa og‘irroq shartlarni qo‘llash tushuniladi. Soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasini bajarish doirasida ikkinchi tamoyil buzilishi mumkin. Masalan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida ularni ishlab chiqarish bo‘yicha soliq solishda bir qadar imtiyozli shartlar yoki, aksincha, vino-aroq va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklash uchun ulardan olinadigan egri soliqlarning yuqori stavkalari belgilangan hollar ham bo‘ladi.
Soliq solishning oddiylik va xolislik tamoyili. Bu tamoyil soliq solish bazasini aniqlashda, soliqlarni hisoblab chiqishda oddiylik bo‘lishini, taqdim etiladigan hisobotlarning mazmunini soddalashtirishni, shuningdek soliqlarning eng muhim turlari bo‘yicha yagona stavkalar belgilashni, beriladigan imtiyozlarni iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda nazarda tutilayotgan narsa shuki, soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi doirasida beriladigan imtiyozlar yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lmasligi, balki muayyan faoliyat turlarini rag‘batlantirishga, soliq to‘lovchilarning mulkchilik shakli va qaysi idoraga mansubligidan qat’i nazar, ma’lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi qonunlarni murakkablashtirib yuboradi, tushunishni qiyinlashtiradi hamda turlicha talqin qilinishiga olib keladi, bu hol pirovard natijada soliq to‘lovchilarning soliqlarga nisbatan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga aniq qilib belgilangan imtiyozlar soliq yukini boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘tkazib, ijtimoiy adolatsizlik ro‘y berishiga olib keladi.
Soliq solishning boshqarishga qulaylik tamoyili. Samarali soliq tizimiga qo‘yiladigan muhim talablardan biri boshqaruvga qulay bo‘lishidir. Soliqlarni undirib olishda samaradorlikka erishish ko‘p hollarda soliqlarning soliq to‘lovchilarga yaxshi tushunarli bo‘lishiga bog‘liq.
Ayrim mamlakatlarda soliq solishning nihoyatda murakkab tartibi amal qiladi, aytaylik, shkala va stavkalar turi, soliqlar tarkibi, ularni to‘lash qoidalari va tartiblari haddan tashqari ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga ular soliq tushumlarining ko‘payishiga hech qanday yordam bermaydi hamda soliqlarning rag‘batlantiruvchi funksiyasi bajarilishida rol o‘ynamaydi.
Soliq solishning soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish tamoyili. Ushbu tamoyil davlat va soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlarni yig‘ish uchun ketadigan xarajatlarni mumkin qadar kamaytirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun respublikamizda soliq solish tartibini takomillashtirish bilan bir qatorda soliqlarni maqbullashtirish, kompyuter texnologiyalari, soliq axborotlarining to‘g‘riligini bevosita nazorat qilish usullarini qo‘llash orqali soliq to‘lovchilarning xarajatlarini kamaytirish maqsadida davlat hisobidan saqlanadigan servis-markazlar, soliq solish masalalari xususida soliq organlari tomonidan bepul maslahatxonalar tashkil etilgan.
Soliq solishning soliq stavkalarini qiyoslash tamoyili. Soliq stavkalari boshqa davlatlardagi xuddi shunday soliqlarning stavkalari bilan qiyoslanishi, ya’ni mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda boshqa mamlakatlar bilan teng bo‘lgan xo‘jalik faoliyati shart-sharoitlari vujudga keltirilishi lozim. Agar qattiq shartlar belgilab qo‘yilgudek bo‘lsa, bu hol respublika iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishni mushkullashtirib yuboradi, aksincha, yengil sharoit yaratilsa, mamlakat budjetiga salbiy ta’sir qiladi.
Soliq solish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni hayotga to‘liq tatbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.
O«zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.
1.6. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi va uning rivojlanish bosqichlari.
Soliqlarni undirish – eng qadimgi vazifalardan va davlatchilik mavjudligining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek soliq tizimi ko‘p jihatdan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning samaradorligini va uning raqobatbardoshligini belgilovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda soliq solish sohasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soliq yuki pasaytirildi, yangi Soliq kodeksi qabul qilindi, soliq solish tizimi soddalashtirildi, soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirildi. Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish O‘zbekiston Respublikasining 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga imkon berdi6. Hozirgi vaqtda respublikamiz ishbilarmonlik muhiti holatining soliq yuki darajasi va soliq stavkalari singari ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘p mamlakatlardan ilgarilab ketgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda soliq tekshiruvlari soni boshqa ko‘plab davlatlardagidan ancha kamdir. Bularning barchasi O‘zbekistonda iqtisodiyotni tezkor rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning muhim shartlari hisoblanadi.
O«zbekiston mustaqillikka erishganidan boshlab davlat qurilishi, mustaqil iqtisodiy va ijtimoiy siyosat o‘tkazish, suverenitetini mustahkamlash uchun mablag‘ga ehtiyoj sezgan. Faqat o‘z kuchiga suyanishiga to‘g‘ri kelgan. Sobiq Ittifoq davlatining 70 yildan ortiq vaqt amal qilgan budjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash tizimi barbod bo‘lib, moliyaviy resurslarga ehtiyojni milliy manbalar hisobiga ta’minlash zarurati yuzaga kelgan. 1991 va 1992 yillarda davlat budjeti kamomadi 50 foizgacha miqdorni tashkil etgan.