Soliqlar va soliqqa tortish - To'lakov Ulug'bek


Soliqlar va soliqqa tortish


Ulug'bek To'lakov

Omon Maxmudov

© Ulug'bek To'lakov, 2021

© Omon Maxmudov, 2021


ISBN 978-5-0053-1358-4

Создано в интеллектуальной издательской системе Ridero

Soliqlar va soliqqa tortish. / U.To«lakov, O.Maxmudov. 2020 yil – 284 bet


O’quv qo‘llanmada soliqlarning iqtisodiy mohiyati, ahamiyati, zarurligi, soliq siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari olib borilayotgan islohotlarning samarasi sifatida bayon qilingan. Respublikamizda amalda bo‘lgan soliqlar va yig‘imlarni undirish mexanizmlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan, soliq stavkalarining o‘zgarish dinamikasi, hamda keyingi yillarda soliq-budjet siyosatining aholi farovonligini oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida soliq qonunchiliklariga kiritilgan o‘zgarishlar hisobga olingan.

Darhaqiqat, soliqlarning yig‘iluvchanligi ko‘p jihatdan aholining soliq bilimdonligi, soliq madaniyatiga bog‘liq ekan, ushbu qo‘llanma nafaqat oliy ta’lim muassasalari talabalariga, shuningdek texnikum talabalari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kichik biznes xodimlari uchun ham tavsiya etiladi.

O«quv qo‘llanmaning yakuniy qismida soliqlar va soliqqa tortish bo‘yicha glossariy va ilovalar keltirilgan.


В учебном пособии описана экономическая сущность, значение, необходимость налогов, Особенности налоговой политики как результат проводимых реформ. Особое внимание было уделено механизмам взимания действующих в республике налогов и сборов, учтена динамика изменения налоговых ставок, а также изменения в налоговое законодательство с целью повышения благосостояния населения, обеспечения устойчивого экономического роста в последующие годы.

Действительно, поскольку собираемость налогов во многом зависит от налоговой грамотности населения, налоговой культуры, данное пособие рекомендуется не только студентам высших учебных заведений, но и студентам техникумов, работникам малого бизнеса, занимающимся предпринимательской деятельностью.

В заключительной части учебного пособия приведены глоссарий и приложения по налогам и налогообложению.


Iqtisodiyot fanlari doktori S.K.Xudoyqulovning umumiy tahriri ostida


Taqrizchilar:

Yaxshiboyev A. – Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Kadrlar bilan ishlash bo’limi boshlig’i

Xatamov O. – Termiz davlat universiteti professori, i.f.d.

© U.To’lakov, O.Maxmudov

© Soliqlar va soliqqa tortish

ОГЛАВЛЕНИЕ

ГЛАВА I. ВВЕДЕНИЕ В «НАЛОГИ И НАЛОГООБЛОЖЕНИЕ»

ГЛАВА II. НАЛОГ НА ПРИБЫЛЬ

ГЛАВА III. Налог с ОБОРОТА

ГЛАВА IV. НАЛОГ НА ДОХОДЫ ФИЗИЧЕСКИХ ЛИЦ

ГЛАВА V. НАЛОГ НА ДОБАВЛЕННУЮ СТОИМОСТЬ

ГЛАВА VI. АКЦИЗНЫЙ НАЛОГ

ГЛАВА VII. НАЛОГ НА ИМУЩЕСТВО

ГЛАВА VIII. ЗЕМЕЛЬНЫЙ НАЛОГ

ГЛАВА IX. НАЛОГ ЗА ПОЛЬЗОВАНИЕ ВОДНЫМИ РЕСУРСАМИ

ГЛАВА X. НАЛОГ ЗА ПОЛЬЗОВАНИЕ НЕДРАМИ

ГЛАВА XI. СОЦИАЛЬНЫЙ НАЛОГ И СБОРЫ

ГЛОССАРИЙ

ПРИЛОЖЕНИЯ

СПИСОК ЛИТЕРАТУРЫ

KIRISH

Mamlakatimiz ta’lim tizimini shaklan va mazmunan isloh qilish, uning huquqiy bazasini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya mazmuni, shakl va usullari samaradorligini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish orqali har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlashga qodir, irodali, fidoiy va tashabbuskor kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada kadrlar tayyorlash va ta’limning uzluksiz tizimini isloh qilish bo‘yicha ko‘plab qonuniy asoslari yaratildi.

Uzluksiz ta’lim tizimida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ularda ilmiy dunyoqarashni, mehnatga ijodiy munosabatni tarkib toptirish, yuksak mehnat intizomini shakllantirish bo‘yicha «Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi.

Qisqa vaqt davomida har tomonlama yetuk, komil inson va barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan uzluksiz ta’limning yaxlit tizimi yaratildi. Respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida ham islohotlar bosqichma-bosqich, tadrijiy ravishda amaliyotga joriy etildi. Oliy ta’limning jahon standartlariga javob beradigan ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yaratildi. So‘nggi yillarda oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi hamda shakllangan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutlarining moddiy ta’minoti mustahkamlandi.

O«zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mazkur muammoning ijtimoiy-iqtisodiy va amaliy ahamiyatini «Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq butun mamlakat miqyosida ta’lim va tarbiya, ilm-fan, kasb-hunar o‘rgatish tizimlarini tubdan isloh qilishga katta zarurat sezila boshladi»1 deb asoslaganlar. Shu bois, hozirgi davrda ta’lim samaradorligini oshirish, pedagog kadrlarni innovatsion faoliyatga yo‘naltirish, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga innovatsion ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish va maqsadli yo‘naltirish oliy ta’lim tizimini modernizatsiyalashdagi dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.

Xususan, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Ijtimoiy sohani rivojlantirish» deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish2 maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

O«zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatning yetakchi olimlari, ziyolilari, akademiklari bilan uchrashuvida o‘tgan 25 yil davomida mamlakatda katta islohotlar amalga oshirilgani, barcha sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilganini e’tirof etgan holda bugungi ta’lim sifatini shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy dunyoning yangicha talablarga moslashtirish lozimligi, bu masalalarni bugun hal qilinmasa, ertaga kech bo‘lishini ta’kidladi. Uchrashuvda qayta-qayta tilga olingan masala kadrlar tayyorlash tizimi bo‘ldi. O‘zbekistonda bu borada tegishli baza yaratilgan, faqat uni mukammal tizimga aylantirish, buning uchun esa OTMda ta’lim dasturlarini takomillashtirish talab etiladi.

Sohani isloh qilish bo‘yicha milliy modelimizning o‘ziga xosligi shundaki, unda yangilanishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Avval, ta’lim tizimining huquqiy asoslari shakllantirilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi va ta’lim muassasalarining ilmiy-metodik jarayonni olib borishi yo‘lga qo‘yildi.

O«zbekistonda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tomonlarini izchil isloh etish va erkinlashtirish, jamiyatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlari yildan-yilga jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda.

Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri soliq siyosatini yanada liberallashtirish soliqqa tortish tartibini soddalashtirish soliq yukini pasaytirish xo‘jalik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha choralar majmuini amalga oshirish hisoblanadi.

Ushbu ustuvor vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti 2017 yil 7 fevral kungi farmoni bilan 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini tasdiqladi. Strategiya loyihasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilganligi maqtovga sazovordir. Harakatlar strategiyasining uchinchi vazifasi ham aynan iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish iboratdir. Hususan, soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish yo‘lini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va rag‘batlantirishning tegishli choralarini kengaytirishga urg‘u berilgan.3

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganlaridek yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi. Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo‘llanar edi. Endi tadbirkor tomonidan to‘langan ortiqcha soliq o‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha budjetdan foiz to‘lanadigan bo‘ldi4.

Soliqlar davlat budjetining asosiy daromad manbai ekanligini bilamiz. Shunday ekan, bugungi kunda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligining zarur darajasini ta’minlash, xufiyona sektorda faoliyat yurituvchi shaxslar faoliyatini legallashtirish, soliq to‘lovchilarning o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarishiga erishish budjet daromadlarini oshirishning asosiy omillari sifatida qaraladi. Shu bois ularni oliy ta’lim muassasalari bakalavr ta’lim bosqichi talabalari tomonidan o‘zlashtirilishi va uni o‘qitishning mavjud muammolarni aniqlash, o‘z vaqtida hal etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur holatlarni hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2008 yil 21 iyuldagi qo‘shma qaroriga asosan 2008—2009 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy o‘quv yurtlari va kollejlarining barcha noiqtisodiy ta’lim yo‘nalishlarida «Soliqlar va soliqqa tortish» fani o‘qitila boshlandi. Oliy ta’lim tizimining noiqtisodiy yo‘nalishidagi talabalarga soliq munosabatlariga oid masalalarni endigina o‘rganishga kirishilayotganligini e’tiborga olgan holda ularga soliqlarni mohiyati va ahamiyati haqida samarali va kengroq tushunchalar berish uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘qitishda innovatsiyalardan va ilg‘or xorijiy tajribalardan keng foydalangan holatda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

I BOB. «SOLIQLAR VA SOLIQQA TORTISH» FANIGA KIRISH

1.1. «Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘qitishning zaruriyati, predmeti, maqsaqi va vazifalari hamda o‘rganish usullari.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni yuksaltirish davrida soliqlar va ularga tenglashtirilgan majburiy to‘lovlar davlat xazinasining asosiy daromad manbasi hisoblanadi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar soliq to‘lovchi yuridik va jismoniy shaxslardan soliq qonunchiligiga ko‘ra belgilangan tartibda undiriladi. O‘zbekiston Respublikasi bosh qomusi-mamlakat Konstitutsiyasining 51 va 123-moddalarida ham fuqarolarning burch va majburiyatlaridan biri sifatida qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashning majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu majburiyatlarni bajarish uchun esa har bir fuqaro soliqlar va soliqqa tortish munosabatlariga doir yetarli darajada bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari lozim bo‘ladi.

Bu kursni o‘qitishning zarurligi bozor iqtisodiyoti munosabatlari ichida soliq munosabatlarining ahamiyati o‘sib borayotganligidan kelib chiqadi. «Soliqlar va soliqqa tortish» fani soliq voqeliklarini (harakatlarini) chuqur o‘rganish asosida zaruriy xulosalar chiqarib, ularni amaliyotga tadbiq etish yo‘llarini o‘rgatadi.

«Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘qitishdan maqsad talabalarda soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risidagi tasavvurni hosil qilish, soliq to‘lovchilardan undiriladigan soliq hamda yig‘imlarning huquqiy asoslarini, soliq majburiyati, soliq nazorati, soliqqa oid huquqbuzarliklar va ularga nisbatan qo‘llaniladigan jazo choralari bo‘yicha bilimlarni shakllantirishdan iboratdir.

Har qanday fan yoki kurs o‘zining predmetiga ega bo‘lishi kerak. «Soliq va soliqqa tortish» fanining predmeti soliq harakatini o‘rganishdir. Soliqqa tortishda soliq mexanizmi ishga solinadi. Uning harakatlanishi pul munosabatlari orqali sodir bo‘ladi. Bu pul munosabatlari soliq to‘lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) bilan soliq undiruvchi (oluvchi) davlat o‘rtasida bo‘ladi.

Fan oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar soliqlarning mohiyatini, ularning zarurligini, soliq elementlari va funksiyalarini, soliq siyosatini, soliqqa tortish va to‘lash tartiblarini, xorijiy mamalakatlar soliq tizimlarini, soliq tizimining nazariy jihatlarini o‘rgatish va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirshdan iboratdir.

«Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘rganishdagi usullar umumiy va alohida usullarga bo‘linadi.

Tabiat, jamiyat va tafakkurning rivojlanish qonunlarini tadqiq qilishning ilmiy uslubi dialektik uslubdir. Shuning uchun ham ushbu ilmiy uslub barcha fanlarning, shu jumladan «Soliqlar va soliqqa tortish» fanining nazariy va uslubiy asosini tashkil etadi. Dialektika iqtisodiy jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi, harakat va rivojlanishida tadqiq qilishni talab etadi. Dialektik uslub shuni tadqiq etadiki, rivojlanish quyidan yuqoriga qarab sodir bo‘ladi, bilish esa oddiydan murakkabga tomon rivoj topib boradi. Shuning uchun ushbu uslub tadqiq etishning induktsiya va deduktsiya usullarini o‘z ichiga oladi.

Xususiy, yakka fakt olinib, uning asosida umumiy qoida hosil qilinadigan bo‘lsa – induktsiya usuli vujudga keladi. Barcha xususiy hollarni o‘z ichiga olgan umumiy qoida hosil qilinsa – deduktsiya usuli yuzaga keladi.

Hamma iqtisodiy fanlar kabi «Soliqlar va soliqqa tortish» fanining ham o‘ziga xos ilmiy tadqiq etish usullari mavjud, ya’ni ilmiy tadqiq etish usullari biri bu ilmiy abstraktsiya usulidir. Ilmiy abstraktsiya usulining mohiyati bu tahlil paytida ob’ektning faqat bir tomoniga, tadqiq etilayotgan jarayonning asosiy mohiyatiga e’tibor qaratilib, halal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali elementlarning ta’siri e’tibordan chetda qoldiriladi.

Tabiat va jamiyatdagi voqea hodisalar singari iqtisodiy jarayonlarning ham tarkibiy bo‘limlarini tadqiq etmay turib, ya’ni tahlil qilmay turib, ularni ilmiy jihatidan o‘rganib bo‘lmaydi.

«Soliqlar va soliqqa tortish» fani shuningdek, o‘z predmetini o‘rganishda tahlil va sintez usulidan ham foydalanadi.

«Tahlil» iborasi grekcha «analiz» so‘zidan olingan bo‘lib, bu qismlarga bo‘lish yoki ajratish, tahlil qilish kabi ma’nolarni bildiradi, ya’ni tahlil murakkab hodisa va predmetlarni tarkibiy bo‘laklarga bo‘lish, ajratish asosida ko‘rsatkichlarni taqqoslash va tadqiq etish demakdir.

Tahlil usuli bo‘lib, bu usul vositasida voqea hodisalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar tadqiq etiladi.

Sintez usuli tadqiq etilgan bo‘limlardan olingan xulosa va natijalarni butun bir yaxlit jarayon deb hisoblab, umumiy xulosa chiqarishdan iborat. Yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan soliq turlarini hisoblash va davlat budjetiga o‘tkazish tartibining amaliy masalalari mazkur usul bilan tadqiq etiladi.

To‘liq tasavvur paydo bo‘lishi uchun predmetning ayrim tarkibiy elementlarining bog‘liqligini va mavjud muammolarni aniqlab olish, umumlashtirish, ya’ni sintez qilish lozim. Tahlilsiz sintez ham bo‘lmaydi.

Дальше