Statistik guruhlash usuli – bu ma’lumotlarni ma’lum belgilariga ko‘ra guruhlarga ajratish statistik tadqiq etishning muhim usuli hisoblanadi. Statistik usul deb atalishiga sabab shundaki, bunda ko‘rsatkichlar bir qancha statistik ma’lumotlarni guruhlarga bo‘lish asosida o‘rganiladi. Statistik guruhlash usuli orqali iqtisodiy ko‘rsatkichlar bir hil bo‘lgan guruhlarga ajratiladi va ayrim ko‘rsatkichlar o‘rtasida bir-biriga bog‘liqlik borligini hamda tadqiq etilayotgan voqea hodislarning eng zaruri, muhimi aniqlanadi.
Shuningdek, «Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘rganishda quyidagi usullardan foydalanish mumkin: foiz chiqarish, taqqoslash, koeffitsent, zanjirli bog‘lanish, korrelyatsiya, matematik usullarni qo‘llash, statistik, grafik, soliqlarni davrlar bo‘yicha taqqoslash, soliq tushumlarini jadvallar orqali ifodalash, o‘zgarishlarni aniqlash, ularga nazariy jihatdan baho berish, soliqlarni boshqa iqtisodiy kategoriyalarga ta’sirini grafik usulda tasvirlash va boshqalar.
Yuqorida aytib o‘tilgan usullardan foydalanib yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini tahlil qilish iqtisodiyotdagi yangi imkoniyatlarni topishda yordam beradi, soliqqa tortish samaradorligini yanada oshiradi.
1.2. Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va obyektiv zarurligi.
Soliq kodeksida belgilangan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lovlarga soliq deyiladi.
Yig‘im deganda budjet tizimiga to‘lanadigan Soliq kodeksida yoki boshqa qonun hujjatlarida belgilangan majburiy to‘lov tushuniladi, bu yig‘imning to‘lanishi uni to‘lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo‘ladi.
Soliq tushunchasi iqtisodiy kategoriya sifatida davlatning paydo bo‘lishi va uning faoliyati davomiyligi bilan bevosita bog‘liqdir. Shu o‘rinda soliq kategoriyasi davlat iqtisodiy siyosati orqali iqtisodiy voqelik sifatida yuzaga chiqishini ta’kidlash lozim. Soliq tushunchasi tor ma’noda davlat ixtiyoriga soliq to‘lovchilardan majburiy tartibda undiriladigan pul tushumlarini ifodalaydi.
Ma’lumki, soliqlar bevosita davlatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir, ya’ni davlat o‘zining vakolatiga kiruvchi vazifalarni bajarish uchun moliyaviy manba sifatida soliqlardan foydalanadi. Soliqlarning amal qilishi ob’yektiv zaruratdir, chunki jamiyatni tashkil etuvchi barcha sub’yektlar ham real sektorda, ya’ni ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatmaydi. Jamiyatda boshqalar tomonidan rad etilgan yoki faoliyati iqtisodiy samarasiz bo‘lgan sohalar ham mavjudki, ular soliqlarning ob’yektiv amal qilishini talab etadi. Aniqroq qilib aytganda jamiyatning norentabel (mudofaa, tibbiyot, fan, maorif, madaniyat va boshqalar) va rentabel sohaga ajralishi hamda norentabel sohani moliyalashtirishning tabiiy zarurligi soliqlar ob’yektiv amal qilishini zarur qilib qo‘yadi. Vaholanki, norentabel sohaning ijtimoiy xizmatlari asosan davlat tomonidan amalga oshiriladiki, ularni moliyalashtirish usuli sifatida yuzaga chiquvchi soliqlar ham shu tufayli bevosita davlatga tegishli bo‘ladi.
Soliqlarning amal qilishini bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ikki holat bilan ifodalash mumkin: birinchidan, davlatning qator vazifalarini mablag» bilan ta’minlash zarurligi, ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari.
Davlatning bajaradigan funksiyalari va vazifalari ko‘p bo‘lib, bozor iqtisodiyoti rivojlana borishi bilan ba’zi ijtimoiy himoyalangan bozor munosabatlariga mos kelmaydigan vazifalar yo‘qola borsa, yangi vazifalar paydo bo‘la boshlaydi. Bularga bizning respublikamizda kam ta’minlanganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini tashkil qilish kabilar kiradi. Davlat kuchli ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni amalga oshirish uchun pensionerlar, talabalar, ko‘p bolali onalar va boshqalarni mablag» bilan ta’minlash zarurligini anglab, ayrim cheklangan tovarlar bahosidagi farqni budjet hisobidan qoplaydi, bundan tashqari mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatadi. Shu bilan birga, davlat jamiyat a’zolari osoyishtaligini saqlash maqsadida o‘zining mudofaa qobiliyatini saqlab va mustahkamlab turishga ham mablag» sarflaydi, qolaversa, fuqarolar xavfsizligini saqlash, mamlakatda tartib-intizom o‘rnatish, uni boshqarish funksiyalarini bajarish uchun ham ko‘plab mablag» yo‘naltirishga majburdir. Bunday xarajatlarni amalga oshirishning majburiyligi ular uchun manba bo‘lgan soliqlarni ob’yektiv zarur qilib qo‘yadi.
Qayd etish lozimki, hozirga qadar davlatning funksiyalarini bajarish uchun lozim bo‘lgan moliyaviy mablag‘larni shakllantirishning soliqlardan boshqa usuli jahon amaliyotida qo‘llanilgan emas. Demak, hukmron kuch sifatida davlat mavjud ekan, moliyalashtirish usuli sifatida soliqlar amal qiladi. Ma’lumki, jamiyat iqtisodiy hayoti juda murakkab iqtisodiy hodisalardan iborat bo‘lib, ana shu murakkablik bevosita soliqlarga ham tegishli, bu holat soliqlarning iqtisodiy mohiyatini teran anglashni taqozo etadi.
Soliqlar majburiy to‘lovlarni ifoda etuvchi pullik munosabatlarni bildiradi. Bu munosabatlar soliq to‘lovchilar bilan ularni o‘z mulkiga aylantiruvchi davlat o‘rtasida bo‘ladi. Davlat uchun budjet daromadlarining asosiy manbai hisoblangan soliqlar katta ahamiyatga ega.
Soliqlar to‘g‘risidagi qarashlar tarixan ob’yektiv va sub’yektiv omillarning ta’sirida shakllangan. Soliqlarga doir turli ta’riflarni tahlil qilish, ularning konkret iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot jarayonidagi mohiyatini asoslash, soliqlarning iqtisodiy rolini va soliq qonunchiligiga asos bo‘lgan soliq tamoyillarini belgilash hamda soliq tizimida, jamiyat taraqqiyotida mavjud bo‘lgan soliqlarning tutgan o‘rnini aniqlash zarurdir. Shunki davlat paydo bo‘lishi bilan soliqlar jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlarning zaruriy talablaridan biri bo‘lib hisoblanib kelgan. Davlat tuzilishi shakllari rivojlanishi bilan bir vaqtda soliq tizimi o‘zgargan va takomillashtirilgan. Soliq tizimining o‘zgarishi va takomillashtirilishi soliqlarning turlari, miqdorlari va yig‘ib olish usullari xilma-xil bo‘lganligi bilan asoslanib kelgan. Masalan, Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti tarixida soliqlar aholidan shaxsiy mol-mulk, yerdan olingan hosil, uy hayvonlari va boshqalar uchun «zakot» sifatida olingan.
Davlat faoliyatining barcha yo‘nalishlarini mablag» bilan ta’minlashning asosiy manbalaridan biri va davlat ustuvorligini amalga oshirishning iqtisodiy vositasi soliqlardir. Soliq tizimini tartibga solish va mukammallashtirish moliyaviy tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan soliqlar orqali tartibga solish, davlat budjeti daromadlarini shakllantirish soliq solish vositasida jamiyatdagi u yoki bu jarayonlarning rivojlanishiga ta’sir etuvchi usul hisoblanadi. Davlatning mavjudligi soliqlar bilan uzviy bog‘liq, chunki soliqdan tushadigan tushumlar davlat iqtisodiy mustaqilligining asosiy manbai hisoblanadi.
Insoniyat tarixida yirik davlat arboblaridan biri, o‘rta asrlarda buyuk saltanat barpo qilgan Amir Temur soliqlarga katta e’tibor qaratgan. U davlatni idora qilish tizimini yuzaga keltirishda asosan soliqlarga tayangan. O‘sha davrning davlat moliyasi bu tizimning eng muhim unsurlaridan biri ekanligi, u davlatni boshqarishdagi barcha jihatlarga uzviy bog‘langanligi bilan tubdan farq qilib turgani va ayni shu xususiyatiga ko‘ra boshqaruvning barcha tarkibiy qismlari orasida markaziy o‘rinni egallaganligi bugungi kunga kelib hammaga ayon bo‘lmoqda.
Ulkan davlat moliyasini boshqarish murakkab jarayon ekanligini tushungan Amir Temur moliyaviy hokimiyatni markazlashtirishga urinmadi. Joylarda shakllangan soliq tizimini o‘zgartirmagan holda, soliq yig‘imini amalga oshirishni o‘zi zabt etgan 27 shahar va tumanlar mahalliy hokimiyati zimmasiga yuklagan. «Agar xalq boshqarishning oldingi tartiblarida yashashni istasa, bu istak amalga oshirilardi, aks holda soliqlar men o‘rnatgan tartib bo‘yicha yig‘ilardi», – deb yozgan edi Amir Temur o‘z tuzuklarida.
Xazinaning chiqim qismi soliqlar yig‘ishning barqaror tizimini kiritishni talab qilar edi. Amir Temur va temuriylar davrida soliqlarning 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lgan. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
– sar shumor – jon boshiga to‘lanadigan soliq, miqdori 1 dinordan 10 dinorgacha bo‘lgan, aholining barcha tabaqasiga tatbiq etilib, moddiy boylik darajasiga qarab belgilangan;
– xiroj – temuriylar va ulardan keyingi davrlarga taalluqli asosiy yer solig‘i. U yig‘ib olingan hosilning uchdan bir qismiga teng bo‘lib, pul yoki mahsulot shaklida undirilgan;
– sar daraxt – mevali daraxtlar va uzumzor uchun to‘lanadigan soliq, pul shaklida olingan;
– dudi – tutun solig‘i, har bir uy yoki hovlidan o‘z ehtiyojlari uchun tayyorlagan o‘tindan foydalanganligi uchun soliq bo‘lib, mahsulot shaklida, keyinchalik esa pul shaklida olingan;
– avariz – favqulodda soliq, shahar yoki qishloq aholisidan urush chiqimlarini va saroyda o‘tkaziladigan bayramlarni qoplash maqsadida olingan;
– uloq – davlat xizmatidagi odamlarga beriladigan ot;
– mir hazaron – ma’lum bir joyda yashovchi aholidan shu yerdagi qo‘shinni moddiy ta’minlashga olinadigan soliq.
Amir Temur pul siyosatini olib borgan holda, bu siyosatni Movarounnahrni iqtisodiy rivojlantirish bilan mutanosiblashtirishga katta ahamiyat bergan. Shuning uchun u aholi uchun og‘irligi tushmaydigan soliq siyosatini olib borgan. Ayrim hollarda dehqonlar xiroj solig‘idan butunlay ozod etilganlar. Masalan, Temur o‘z tuzuklarida shunday yozgan edi: «Agar dehqon yangi ochilgan yerda ekin eksa yoki tashlab qo‘yilgan yerni obodonlashtirsa, u birinchi yil soliq to‘lashdan butunlay ozod etilgan, ikkinchi yil qancha xohlasa shuncha soliq to‘lagan, uchinchi yili esa umumiy soliq to‘lash qoidasi bo‘yicha soliq to‘lagan».
Tarixan soliqlar, davlatni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan majburiy to‘lovlar sifatida, davlat paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Soliqlar davlat faoliyat ko‘rsatishining moddiy asosini tashkil etadi, ularning iqtisodiy tabiati xuddi shu yerdan kelib chiqadi.
Bozor munosabatlarining shakllanishi davrida soliqlar korxonalarning iqtisodiy faoliyatini tartibga solishning ham bilvosita quroli hisoblanadi.
Soliqni to‘lash xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar bilan davlat o‘rtasida yangidan yaratilgan qiymatni taqsimlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Biror-bir jamiyatni soliq tizimisiz tasavvur qilish mumkin emas. Shunki soliqlar budjet daromadlari (pul fondi) ni tashkil etishning asosiy vositasi bo‘libgina qolmay, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ishlab chiqarishni rag‘batlantirishda investitsiyalarni ko‘paytirishga, raqobatbardosh mahsulotni ko‘paytirishga, kichik biznesni rivojlantirishga, xususiy korxonalar ochish bilan bog‘liq bo‘lgan bozor infratuzilmasini barpo qilishga, umumdavlat ehtiyojlarini qondirishga va shu kabilarga xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o‘zining ichki va tashqi vazifalarini, har xil ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning asosiy qismini soliqlar orqali to‘playdi. Jumladan, soliqlar respublika va mahalliy budjetlar daromadini shakllantiradi, davlat ijtimoiy dasturlari uchun moliyaviy negiz yaratadi, soliq to‘lovchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshqaradi, ularning tabiiy resurslardan unumli foydalanishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantiradi, narx belgilashga ta’sir ko‘rsatadi, aholining turmush darajasini tartibga solib turadi, imtiyozlar yordamida esa aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etishga yordam beradi.
1.3. Soliq elementlari.
Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari soliq solishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va davlat budjeti o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.
Soliq nazariyasida soliqqa oid munosabatlarni to‘liq va teranroq ifoda etish uchun iqtisodiy voqeliklarning har bir kichik guruhlari muayyan nomdagi iboralar bilan izohlanadi. Soliq elementlari ham xuddi shunday soliqqa oid iqtisodiy hodisalarni izohlashga xizmat qiluvchi yaxlit tushuncha hisoblanadi. Soliq elementlari tushunchasi soliq solish tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning o‘zi ham kichik tizimni tashkil etadi, ya’ni soliq elementlari ham bir necha iqtisodiy kategoriyalarning yaxlit holdagi harakatini bildiradi.
Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliqning barcha elementlari aniqlab qo‘yilgan taqdirdagina ushbu soliq belgilangan deb hisoblanadi.
Bunday soliq elementlariga quyidagilar kiradi:
1) soliq solish ob’ekti;
2) soliq bazasi;
3) soliq stavkasi;
4) soliq davri;
5) soliqni hisoblab chiqarish tartibi;
6) soliq hisobotini taqdim etish tartibi;
7) soliqni to‘lash tartibi.
Soliqni belgilashda soliq imtiyozlari va ularning qo‘llanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.
Soliq solish ob’ekti mol-mulk, harakat, harakat natijasi yoki qiymat, miqdoriy yoki fizik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holat bo‘lib, u mavjud bo‘lganda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari soliq to‘lovchida soliq majburiyatini vujudga keltiradi.
Soliq solish ob’yektiga foyda yoki daromad, muayyan tovarlar qiymati, yer maydoni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklari, tabiiy resurslardan foydalanish miqdori va boshqalar kiradi. Soliq solish ob’yekti aslida jamiyatdagi mavjud moddiy va ma’naviy boyliklarning ayrimlariga qonun yo‘li bilan ulardan foydalanuvchi, egalik qiluvchi va tasarruf qiluvchi soliq sub’yektlarining huquqlariga soliq solishni ifodalaydi. Binobarin, moddiy yoki ma’naviy boyliklarga mulkiy huquqqa ega bo‘lgandagina soliq solish ob’yekti yuzaga keladi. Masalan, egasiz imoratga soliq solinmaydi, chunki egasiz imoratga nisbatan soliq sub’yekti mavjud emas, vaholanki, bo‘lgan taqdirda ham soliq solish ob’yekti sifatida imorat emas, balki ushbu imoratga bo‘lgan mulkiy huquqqa soliq solinadi. Shu jihatdan aytish mumkinki, soliq solish ob’yekti aslida yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy huquqi va daromadiga qaratiladi.
Soliq bazasi soliq solish ob’ektining qiymat, fizik yoki boshqa xususiyatini ifodalaydi.