Soliq boshqaruvi sohasida hosil bo‘lgan tajribaga asoslangan hamda mavjud bozor munosabatlarini hisobga olgan holda 2008 yilda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ishlab chiqildi va amalga kiritildi. Kodeksning 1998 yildan beri amal qilayotgan eski tahriri uning normalariga aniqlik kiritadigan qonunosti hujjatlariga muhtoj edi. 2007 yilga kelib ularning soni 150 tadan oshib ketdi, bu soliq qonunchiligi anglanishini murakkablashtirib, ichki jihatdan ziddiyatli qilib qo‘ydi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat deb e’lon qilingan bo‘lsada, biroq amaldagi ma’muriy tizim ilgarigidek qonunosti hujjatlardan foydalanish istagidan voz kecha olmadi.
Iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, tarkibiy islohotlar, kichik va xususiy biznes rolining oshishi – bularning bari mamlakatimizning «soliq konstitutsiyasi» uzluksiz takomillashtirilishini talab etardi. 2008—2017 yillar davomida Soliq kodeksiga 41 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ular quyidagilarga yo‘naltirilgan:
– ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirishda soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash;
– samarasiz soliqlardan (ekologiya solig‘i, atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lovlar) voz kechish orqali soliq tizimini soddalashtirish hamda majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish qoidalari va to‘lash tartibini maksimal darajada birxillashtirish;
– o‘xshash daromadlarga soliq solishning yagona tartibini belgilash;
– birgina soliq bazasiga ega bo‘lgan soliqlar va majburiy to‘lovlar sonini qisqartirish;
– soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarni ularning soliq bazasini kengaytirish uchun stavkalarni pasaytirish imkoniyatini ta’minlash maqsadida birxillashtirish, qayta ko‘rib chiqish va qisqartirish.
Uchinchi bosqichda soliq tizimini takomillashtirishning asosiy sub’ekti kichik biznes hisoblanadi. Soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning aksariyati mikrofirma va kichik korxonalarga soliq solish tizimini soddalashtirishga, ularning soliq yukini kamaytirishga, rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan edi.
Yagona soliq va budjetdan tashqari jamg‘armalarga majburiy ajratmalarni to‘lash o‘rniga mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lay boshladilar. Bunda YaST stavkasi 13 foizdan 5 foizgacha kamaydi, bu esa real soliq yuki 2,6 baravar pasayganini bildiradi.
Pensiya jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga to‘lovlar yagona ijtimoiy to‘lovga birlashtirildi. Kichik biznes sub’ektlari uchun uning stavkasi 25 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
YaST va YaITni eng kam normativlarni hisobga olgan holda to‘lash tartibi joriy etildi, bu esa budjet yo‘qotishlari ko‘payishi xatarisiz hujjatli tekshiruvlarni ancha qisqartirish imkonini berdi.
Dividendlardan soliq stavkasi 15 foizdan 10 foizga pasaytirildi, 2010—2013 yillarda esa mikro va kichik korxonalarni tashkil etuvchilar uchun u nolga tenglashtirildi.
Yirik korxonalarning ham soliq yuki yengillashtirildi. Foyda solig‘i stavkasi 12 foizdan (2006 y.) 7,5 foizgacha (2016 y.) pasaytirildi. Joriy to‘lovlar miqdori chorakda 6 tadan 3 taga tushirildi. YaST stavkasi 25 foizgacha pasaytirildi. QQS (so‘nggi 20 yil mobaynida 20 foiz darajasida saqlagan holda) va aksiz solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlar bekor qilingan. Avvallari korxonalar bu to‘lovlarni oyiga 3 martadan to‘lashgan, hozir esa – oy yakunlari bo‘yicha 1 marta to‘lashadi.
Mikrofirma va kichik korxonalar uchun YaST to‘lash davriyligi har oylik muddatdan har choraklik muddatgacha kamaytirildi.
O«z ishlab chiqarish bazasini muntazam modernizatsiyalovchi, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlovchi korxonalar uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalarining samarali tizimi yaratildi.
Moliyaviy, soliq va boshqa hisobotlar soni bir-birini takrorlovchi shakllarini bekor qilish, birlashtirish, shuningdek ularni taqdim etish davriyligini birlashtirish hisobiga bir necha baravar qisqartirildi. Hisobot elektron shaklda topshirila boshlangani sababli soliq inspeksiyalariga borish zarurati qolmadi.
Insofli soliq to‘lovchilar xo‘jalik faoliyatiga asossiz aralashuvlardan ko‘proq himoyalana boshlandi. Mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklarining faoliyati 4 yilda ko‘pi bilan bir marta rejali tartibda tekshiriladi. 2014 yildan boshlab soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lovchi, shuningdek barqaror o‘sish sur’atlari va ishlab chiqarish rentabelligini ta’minlovchi kichik biznes sub’ektlarida soliq tekshiruvlari o‘tkazish taqiqlandi.
Umuman olganda, soliq to‘lovchilarini rejali hujjatli tekshirishlar soni minimumga keltirildi. Ularning soni 10 yil ichida 3 baravar kamaydi, so‘nggi yillarda yiliga 5—5,5 mingtadan oshmayapti, bu esa faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning qariyb 2 foizini tashkil etadi. Kameral tekshiruvlar (korxonaga chiqmasdan), monitoring va xronometrajga katta e’tibor berilmoqda.
Soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy va jinoiy javobgarligi liberallashtirildi. Ular birinchi marta sodir etilgan, qasddan qilinmagan va kam ahamiyatli bo‘lganda, budjet va davlat maqsadli jamg‘armalariga zarar keltirilmaganda mansabdor shaxslar moliyaviy sanksiyalar qo‘llanmagan holda faqat ma’muriy javobgarlikka tortiladilar. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ixtiyoriy ravishda to‘laganda ham biznes tuzilmalari ulardan ozod etiladi. Boshqa hollarda moliyaviy sanksiyalar, tadbirkor ularga rozi bo‘lmagan taqdirda, faqat ularning qonuniyligi va asosliligini tasdiqlovchi sud organining hal qiluv qarori asosida undiriladi.
Soliq tizimining takomillashtirilishi uni iqtisodiyotni modernizatsiyalash, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va aholi bandligini oshirishning samarali dastagiga aylantirish imkonini berdi. So‘nggi 10 yil ichida biznesga tushadigan soliq yuki 21 foizgacha pasaydi. Kichik tadbirkorlikning YaIM umumiy hajmidagi ulushi 2000 yildagi 31 foizdan 56 foizgacha, ya’ni 1,8 baravar o‘sdi. Soliq stavkalari ancha pasayganiga qaramay, budjet daromadlarini shakllantirishda uning ulushi ikki barobardan ortiq hajmda (2,9 foizdan 6,6 foizgacha) oshdi.
Bunda soliq tizimi o‘zining asosiy vazifasi – budjetning daromad qismini to‘ldirish vazifasini ham samarali amalga oshirib kelmoqda. Chunonchi, 2006 yildan boshlab mamlakatimiz Prezidenti tomonidan turmush darajasini oshirish maqsadida 21 marotaba eng kam ish haqi miqdorini oshirish haqida qarorlar qabul qilindi, o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa budjetdan ta’minlanuvchilarning mehnat haqi, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar unga bog‘langan. Soliq tizimi uzluksiz ishlashi tufayli buning uchun Davlat budjetida mablag‘lar yetarli bo‘lgan.
2014-yilda milliy dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi guruh tomonidan «EREPORT» soliq hisobotlari bilan ishlash, hisobotni o‘zi istagan joydan yuborish, vaqtni tejash imkonini beruvchi dastur taqdim etildi.
Milliy soliq tizimini takomillashtirish natijalari Xalqaro moliyaviy korporatsiya uslubiyati bo‘yicha o‘tkaziladigan yillik tadqiqotlar doirasida ham aks ettirilgan. 2006—2016 yillarda O‘zbekistonning biznes yuritish (Doing Business) bo‘yicha umumiy xalqaro reytingi 51 pozitsiyaga o‘sdi, soliq sharoiti bo‘yicha – 64 pozitsiyaga o‘sdi.
Xususan, so‘nggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarildi. Bundan tashqari, so‘nggi hisobotda mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o‘ntaligidan joy oldi.
Mamlakatimiz soliq tizimi tajribasining ko‘rsatishicha, u:
– iqtisodiyotdagi tub islohotlar talablariga javob beradi va soliq yukini kamaytirish sharoitida mustaqil davlat rivoji uchun davlat budjeti daromadlari, moliyaviy resurslar o‘sishini ta’minlaydi;
– kichik va xususiy biznes rivojlanishi yo‘lidagi, soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan munosabatlarini tartibga solish borasidagi muammolarni bartaraf etadi;
– tobora pragmatik, ochiq-oydin va izchil bo‘lib bormoqda;
– iqtisodiy o‘sish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar sonining oshishi va ularning daromadlari ko‘payishiga imkon yaratmoqda, soliq bazasini kengaytirmoqda.
To‘rtinchi bosqich (2018 yildan bugungi kunga qadar) – xalqaro norma va standartlar talablari asosida soliq tizimini yanada takomillashtirish bosqichi bo‘lib, u soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, iqtisodiyotni tezkor rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash bilan xarakterlanadi.
2018 yil 1 yanvardan soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari belgilangan bo‘lib, unda soliq ma’muriyatchiligining yangi mexanizmlari joriy etila boshlandi11. Ayni paytda soliq to‘lovchilarning huquqlari tizimga solina boshladi. Bugungi kunda soliq tizimi oldiga zamonaviy talablarga muvofiq keluvchi yangi vazifalar qo‘yilgan12.
Yuqoridagi qonun hujjatlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi13:
iqtisodiyotga soliq yukining darajasini kamaytirish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi bo‘yicha soliqlarni to‘laydigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasidagi soliq yuki darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish;
soliqlarni unifikatsiya qilish yo‘li bilan ularni maqbullashtirish, o‘xshash soliq solish bazasiga ega bo‘lgan soliqlarni birlashtirish, soliq hisobotlarini qisqartirish va soddalashtirish, operatsion xarajatlarni minimallashtirish.
makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligini, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va uning daromadlarini mustahkam shakllantirishni ta’minlash;
soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq munosabatlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, insofli soliq to‘lovchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish;
soliq solish masalalarini tartibga soladigan havola qiluvchi normalar va qonun osti hujjatlarini maksimal darajada cheklagan holda soliq qonunchiligining barqarorligini hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash, shu jumladan, kodeksda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalari miqdorlarini belgilash;
xorijiy investorlar va investitsiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash;
soliq nazoratining shakl va mexanizmlarini, shu jumladan, soliq solish ob’ektlari hamda soliq to‘lovchilarni yanada to‘liq qamrab olish va hisobini ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga takomillashtirish, transfer narxlarni shakllantirish bilan bog‘liq operatsiyalarga soliq solish tartibini joriy etish.
O«zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab14:
a) birinchidan, mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yuki quyidagilar orqali kamaytirildi:
barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etilib, shundan 0,1 foizi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltirila boshlandi. Bunda, fuqarolarning ayrim toifalari uchun eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi. Shu bilan birga fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bekor qilindi.
Soliq siyosatidagi o‘zgarishlarga ko‘ra, endi vaziyat tubdan o‘zgardi: soliq yuki keskin kamaytirilib, sodda, shaffof, muhimi, ish beruvchi uchun ham, ishlovchi uchun ham birdek adolatli stavka belgilandi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasining jahon bo‘yicha o‘rtacha darajasi 20 foizga teng. Daromad solig‘ining bunday soddalashtirilgan tartibi iqtisodiyoti rivojlanayotgan, keng qamrovli islohotlar olib borilayotgan bizning kabi davlatlar uchun yeng maqbul variantdir. Birgina misol, 2001 yili Rossiya soliq tizimining progressiv shkala tartibidan soddalashtirilgan daromad solig‘i tartibiga o‘tishi bir yildayoq katta muvaffaqiyat keltirdi va mehnat fondidan olinadigan soliq bazasini 50 foizga oshirdi.
Shuningdek pensiya tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapital) da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, boshqa yuridik shaxsning ustav jamg‘armasi (kapital) ning 50 foizi va undan ko‘proq qismi tegishli bo‘lgan ustav jamg‘armasi (kapital) da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 25 foiz etib, qolgan yuridik shaxslar uchun 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilgan stavkada belgilandi.
Xususan, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining 12 foizgacha pasaytirilishi hamda yuridik shaxslarning aylanmasi (tushumi) dan davlat maqsadli jamg‘armalariga undiriladigan majburiy ajratmalarning bekor qilinishi korxonalar ixtiyorida qo‘shimcha mablag‘lar qolishi uchun shart-sharoit yaratdi.
b) ikkinchidan, aylanmadan (yalpi tushumdan) soliqlarni optimallashtirish bilan umumbelgilangan va soddalashtirilgan soliqlar to‘lovchilarni soliqqa tortish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish mezonlari quyidagilar orqali takomillashtirildi:
davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan (yalpi tushumidan) undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilindi.
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, shuningdek, mobil aloqa xizmati ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun, rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qo‘shimcha foyda solig‘i hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirildi;