dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirildi;
barcha tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etildi;
qo‘shimcha foyda solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibini, shu jumladan, royalti to‘lashni joriy etish orqali takomillashtirildi;
2018 yil 1 yanvardan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bilan birlashtirildi, 2019 yil yanvardan esa benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq bekor qilindi. Bunda benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq aksiz solig‘i ob’ektiga kiritildi.
v) uchinchidan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibi bo‘yicha soliq to‘lovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy ta’sirini kamaytirish choralari quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan, ilgari xususiylashtirilgan ob’ektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun yuqori stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda 5 foizdan 2 foizga pasaytirildi;
yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun amaldagi soliq solish tartibini saqlab qolindi.
g) to‘rtinchidan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va aksiz solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi quyidagilar orqali takomillashtirildi:
qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq hisobga olish tizimini joriy qilish, soliq solish bazasini aniqlashtirish va imtiyozlar sonini kamaytirish, shuningdek, 2019 yil yakuni bo‘yicha mazkur soliq stavkasi 15 foiz miqdordagi pasaytirildi.
Soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish va O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» belgilab olindi15.
Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari natijasida:
soliq siyosatini takomillashtirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanma darajasini qisqartirish. Soliq va soliq rejimlarini birxillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, soliq yukini optimallashtirish (kamaytirish va baravarlashtirish) nazarda tutilmoqda. 2021 yilga kelib JShDS to‘lovchilar 1,5 baravar, QQS, resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i to‘lovchilar esa 2 baravar ko‘paytiriladi.
xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan soliq xizmatlarini rivojlantirish. Mazkur yo‘nalishga birlamchi hisob hujjatlarini raqamlashtirish va birxillashtirish, soliq hisobotlari shakllarini soddalashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning eksterritorial prinsipini va soliq nizolarini sudgacha hal qilish tizimini rivojlantirish kiritildi.
soliq tavakkalchiliklarini baholash tizimini joriy qilish va soliq hisobini takomillashtirish. Xususan, soliq majburiyatini ixtiyoriy bajarish darajasini 90%ga yetkazish rejalashtirilmoqda.
davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish. Soliq organlarida biznes-tahlil (Business Intellegence) tizimi, strategik va protsessual boshqaruv joriy etiladi. Soliq ma’muriyatchiligi jarayoni avtomatlashtiriladi.
davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini rivojlantirish. Bu nuqtai nazardan normativ-huquqiy baza, kadrlar siyosati qayta ko‘rib chiqiladi. Soliqchilar yanada ochiq-oshkora ish olib boradilar.
Rejalashtirilgan tadbirlar amalga oshirilishi natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sur’ati o‘sishiga, mamlakatning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalarini yaxshilashga erishiladi. Soliqlarning iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari bo‘yicha YaIM, tushum, qo‘shilgan qiymatga nisbatan ulushi o‘zgaradi. Mahalliy va xorijiy investorlar o‘rtasidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalar nomutanosibligi bartaraf etiladi. Asosiysi, soliq tekshiruvlari soni qisqaradi, nazorat tadbirlari natijasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlar miqdori pasayadi.
Soliqlarni boshqarishning elektron tizimi – bu har bir soliq to‘lovchining elektron kabineti bo‘lib, u yerda turli manbalardan kelgan elektron axborot jamlanadi. So‘ngra ushbu axborotga tegishli algoritm asosida ishlov berilib, to‘lovchiga doir tavakkalchilik tahlili uchun ma’lumotlar beriladi. Ular to‘lovchi muayyan soliqni to‘lamaganligi haqida xulosaga kelish imkonini bersa, uni taklif etib, ushbu ma’lumotlar bilan tanishtiradilar. Soliq to‘lovchi asossiz ravishda soliq to‘lashdan bosh tortsa, hujjatli tekshiruv tayinlanadi.
Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini modernizatsiya qilish va kengaytirish borasida faol ish olib borilmoqda. Bu esa soliq organlarining mavjud axborot tizimlarini takomillashtirish asosida soliq ma’muriyatchiligi jarayonlarini qayta tashkil etish imkonini beradi.
Mazkur loyiha doirasida Jahon banki va Rossiya Federatsiyasi Federal soliq xizmati bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Rossiya, Hindiston, Koreya, Fransiya, Ozarbayjon hamda Gruziya ekspertlari bilan esa Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar strategiyasi belgilab olindi.
Shu bilan birga, davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator hisoblangan «Uzinfokom» bilan hamkorlikda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqilmoqda.
Mazkur markazni kengaytirish va soliq ma’muriyatchiligining texnologik jarayonlarini modernizatsiyalash axborotni qayta ishlash muddatlarini qisqartirishga, qo‘lda bajariladigan ishlarni avtomatlashtirishga va soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada oshirishga zamin hozirlaydi.
Soliq tizimida ma’lumotlar boshqarilishini takomillashtirishning asosiy maqsadi jarayonlarni raqamlashtirish orqali tizimni to‘liq avtomatlashtirishdan iborat. Bugungi kunda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazidan 11 ming nafardan ortiq davlat soliq xizmati organlari xodimlari foydalanadi.
Davlat soliq qo‘mitasi Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida jamlanadigan ma’lumotlarni «big data» ko‘rinishiga keltirishni maqsad qilib, bu yo‘lda amalga oshiriladigan loyiha katta hajmdagi ma’lumotlarni qamrab olish va tahlil yeta olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur markazning kengayishi real vaqt rejimida qabul qilib olingan barcha ma’lumotlar oqimini birlashtirishga sharoit yaratadi.
Dunyo tajribasidan ma’lumki, katta hajmga ega raqamli ma’lumotlar bilan ishlaydigan vositalar va ishlarni tashkil qilish foydalidir. Xususan, katta ma’lumotlardan foydalangan holda, keng qamrovli tahlillarning amalga oshirilishi natijasida 2018 yilda Rossiya g‘aznasiga qo‘shimcha 345 mlrd. rubl kelib tushgan.
Mamlakatimizda «big data» asosida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha yirik loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Toshkent viloyatining Shirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyatida hisobvaraq-fakturani elektron usulda rasmiylashtirish tajribasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Yangi tizim yordamida QQS bo‘yicha to‘lovlar zanjiri deyarli real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi. Ushbu tizim «soliq to‘lovchi-kontragent» zanjiridagi uzilishlarni aniqlash imkonini beradi hamda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini oladi. Bu esa o‘z navbatida, QQS bo‘yicha to‘lovlar hajmining oshishiga olib keladi.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amaliyotga joriy etilayotgan yana bir istiqbolli loyiha – onlayn nazorat kassa mashinalari bo‘lib, ularni joriy etilishi natijasida olingan katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilishda «big data» muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Onlayn kassa apparatlarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, mahsulotning (xizmatning) miqdori va nomi, tarkibidagi QQS va boshqa tafsilotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga kelib tushadi. Ma’lumotlarni onlayn tarzda tezkor monitoring qilib borilishi biznes subektlari faoliyati shafofligini oshirishga, davlat soliq xizmati organlari va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi esa, ma’lumotlarni muntazam tahlil qilib borilishi tadbirkorlik subektlarini qo‘shimcha ravishda tekshirishga yehtiyoj qoldirmaydi. Toshkent shahri hududida 1 martdan 1 iyulga qadar onlayn nazorat-kassa mashinalari tizimini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish belgilangan16.
2020 yil 1 yanvardan keyingi hisobot davri uchun esa barcha soliq turlari bo‘yicha soddalashtirilgan va ixchamlashtirilgan yangi soliq hisoboti shakllari asosida taqdim qilina boshladi.
Yirik hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirib, soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro munosabatlarda yangi imkoniyalar eshigini ochadi. Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlardan biri ham ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish, yangi tahliliy vositalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Shu bois Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish iqtisodiyotda xufiyona faoliyatlarni qisqartirishga, shafoflik darajasini oshirishga xizmat qiladi hamda biznes uchun teng raqobat sharoitini yaratishga katta turtki beradi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmonning imzolanishi mamlakatda soliq islohotlarining yangi bosqichini boshlab berdi.
Soliq qonunchiligidagi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, soliq yuki darajasini kamaytirish, soliq qonunchiligini soddalashtirish va sog‘lom raqobatni ta’minlash bo‘ldi.
Jahon bankining e’lon qilingan yillik «Doing Business 2020» xalqaro reytingida, 2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 190 mamlakat orasida 69,9 ball to‘plab, 69-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili xuddi shu reytingda 76-o‘ringa loyiq topilgan mamlakatimiz bir yil ichida 7 pog‘onaga yuqorilagani yuksak natija, albatta.
Prezidentimiz mamlakatning Jahon banki ma’ruzasida egallagan pozitsiyasiga alohida e’tibor qaratdi. Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekistonning istiqboldagi rejasi 2022 yilgacha – 40-o‘ringa chiqish17.
1.7. Soliqlarni guruhlashning o‘ziga xos xususiyatlari.
O«zbekiston Respublikasi soliqlar tizimi umumdavlat soliqlari hamda mahalliy soliqlardan iborat.
O«zbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar belgilanadi:
1) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
2) aksiz solig‘i;
3) foyda solig‘i;
4) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
5) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk solig‘i;
8) yer solig‘i;
9) ijtimoiy soliq.
O«zbekiston Respublikasi hududida yig‘imlar belgilanishi mumkin. Yig‘imlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Soliq kodeksida hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilanadi.
Avtotransport yig‘imini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi ushbu Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonun hujjatlarida yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.
Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llashni nazarda tutishi mumkin.
O«zbekiston soliq tizimida soliqlarni ob’yekti, iqtisodiy mohiyati budjetga tushishi va to‘lovchilari nuqtai-nazari bo‘yicha guruhlarga ajratib o‘rganish mumkin.
Soliqlar soliq solish ob’yektiga qarab uch guruhga bo‘linadi:
– oborotdan olinadigan soliqlar;
– daromaddan olinadigan soliqlar;
– mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlar.
Oborotdan olinadigan soliqlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, bojxona boji va yer qa’ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqlar kiradi. Lekin oborot (aylanma) tushunchasi bizning qonunchiligimiz bo‘yicha ilgarigidek mahsulot realizatsiyasi oborotidan emas, balki yuklab yuborilgan mahsulotlar qiymati bilan o‘lchanadi. Yalpi tushumdan olinadigan yagona soliq to‘lovi ham oborotdan olinadigan soliqlarga kiradi.
Daromaddan olinadigan soliqlarga yuridik shaxslarning foydasiga solinadigan soliq, jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq, ixtisoslashtirilgan ulgurji savdo korxonalarining yalpi daromadidan olinadigan soliq kiradi.
Mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlarga yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i, qishloq xo‘jalik tovar ishlab chiqaruvchilarining yagona yer solig‘i hamda yuridik va jismoniy shaxslarning yer soliqlarini kiritish mumkin.
Iqtisodiy mohiyatiga qarab soliqlar egri (bilvosita), to‘g‘ri (bevosita) soliqlarga bo‘linadi. To‘g‘ri soliqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq to‘lovchilarning o‘zi to‘laydi, ya’ni soliqning huquqiy to‘lovchisi ham, haqiqiy to‘lovchisi ham bitta shaxs bo‘ladi. Bu soliqlar tarkibiga barcha daromaddan to‘lanadigan soliqlar hamda mol-mulk va resurs soliqlari kiradi. Resurs soliglari tarkibiga yer solig‘i, yer qa’ridan foydalanganlik uchun va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar kiradi.